Oila-mahalla-taʼlim muassasasi hamda inspektor psixolog hamkorligini yo‘lga qo‘ygan holda yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish zarur
Bugun, 18 sentyabr kuni Buxoro viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov Shofirkon tumanidagi 11 sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida bo‘lib, o‘quvchi yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Boshqarma boshlig‘i yoshlar taʼlim tarbiyasi eng muhim masala ekanligini taʼkidlab, taʼlim dargohlarida kelajagimiz egalarining bilim olishi uchun zamonaviy standartlar asosidagi o‘qitish tizimi tashkil qilish borasida tegishli masʼullarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, ularning firibgarlik, o‘g‘irlik, giyohvandlik va kiber jinoyatchilik qurboniga aylanib qolmasliglari bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish borasida tuman IIB masʼullariga tegishli topshiriqlar berildi.
Natijaga esa "Oila-mahalla-taʼlim muassasasi hamda inspektor psixolog" tamoyili asosida hamkorlikdagi ishlarni yo‘lga qo‘ygan holda erishish mumkinligi aytib o‘tildi.