3 Iyun 2024 yil 1082

Hokimlik soatida ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar ham muhokama qilindi

Bugun, 3 iyun kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan hokimlik soatida ishtirok etib, ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan nutq so‘zlab, mazkur sohada olib borilgan ishlar va yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklarga to‘xtatildi.

Boshqarma boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2833-sonli Qarori hamda 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 27-sonli Farmoniga asosan jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida faoliyat olib boruvchi barcha vakolatli organlar, jamoat tashkilotlarining masʼuliyatini kuchaytirish, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ularning hisobdorligini oshirish borasida o‘zining bir qator tavsiya va takliflarini berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik hamda Yoshlar siyosati va sport vazirliklari tomonidan 2023 yil 30 mart kuni qabul qilingan “Obod va xavfsiz mahalla tamoyili asosida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida”gi qo‘shma Qaroridan kelib chiqib, ijtimoiy profilaktikani amalga oshiruvchi subyektlarning bugungi kunda olib borayotgan faoliyati, mahalla yettiligining ish natijalarini tanqidiy tahlil qilib, mazkur yo‘nalishda ham ishlarni manzilli tashkil etishning mexanizmlari yuzasidan o‘zining qator takliflarini bildirdi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida yana bir muhim jihat, mahallalarni raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib, hududlarni kameralashtirib profilaktika inspektorlarining xizmat xonalariga integratsiya qilish, shu jumladan, yangi qurilayotgan bino, inshootlar, ko‘p qavatli uylar, davlat va nodavlat tashkilotlari, korxona va muassasalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida, ularni ham zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlashni alohida nazoratga olish zarurligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, mahalla yettiliklari va sektor rahbarlari tomonidan aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash, aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni hal qilish, eng asosiysi boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan fuqarolar bilan alohida ishlash borasida ham chora tadbirlar belgilash zarurligini aytib o‘tdi.

Bugungi kunda viloyatda mavjud 544 ta mahallaning "qizil toifali" 41 ta hamda 3 yildan buyon "qizil toifadan chiqmay kelayotgan 26 ta mahallalarning “yettilik” vakillari, sektor rahbarlari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, ushbu mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklardan xoli hududga aylantirish, ularni "yashil toifaga" o‘tkazish borasida alohida chora-tadbirlar va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish borasida ham o‘zining takliflarini ilgari surdi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan hokimlik soatida ko‘tarilgan barcha masalalar va ularning yechimi yuzasidan bildirilgan taklif hamda tavsiyalar inobatga olinib, yig‘ilish bayonnomasiga kiritildi va ijrosi alohida nazoratga olindi.

Text to speech