Hokimlik soatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda viloyatda jinoyatchilik holati tanqidiy muhokama qilindi
Bugun, Buxoro viloyati hokimi boshchiligida videokonferensaloqa tizimi yordamida o‘tkazilgan mazkur muhokama yig‘ilishida, viloyat studiyasidan barcha huquq-tartibot organlarining rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, yordamchilari, maslahatchilari, guruh rahbarlari, viloyat tashkilotlari va idoralari rahbarlari qatnashgan bo‘lsa, hududiy studiyalardan, shahar va tuman hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar bo‘limlari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy organlari boshliqlari, hokim o‘rinbosarlari, tashkilot va boshqarmalarining tuman (shahar) lardagi bo‘lim boshliqlari, oliy taʼlim muassasalari hamda texnikum rahbarlari va boshqa mutasaddilar qatnashdilar.
Bundan tashqari 544 ta “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda umumtaʼlim maktablarining direktorlari o‘zlarining mahalla binolaridan ishtirok etishdi.
Hokimlik soatida Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvar kunidagi PQ-1-sonli “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarorining ijrosini taʼminlash yuzasidan ishlab chiqilgan viloyatda birinchi chorakka mo‘ljallangan chora-tadbirlarning yo‘l xaritasi ijrosi, bunda yo‘l qo‘yib kelinayotgan tizimli kamchiliklar, mavjud muammolar va galdagi vazifalar birma-bir muhokama qilindi.
Muhokama yig‘ilishida so‘zga chiqqan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hududida joriy yilning 3 oy 20 kunida qayd etilgan jinoyatchilik ahvoli to‘g‘risida batafsil maʼlumot berib, bunda asosiy eʼtiborni oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar, ayniqsa, oila turmush munosabatlarida sodir etilayotgan hamda oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, bundan tashqari ko‘cha va jamoat joylarida, xususan korxona, tashkilot va muassasalar hududlarida ko‘plab sodir etilayotgan bezorilik, o‘g‘rilik, firibgarliklar, shuningdek, kiber jinoyatchilik hamda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qaratib, yo‘l transport hodisalarining kelib chiqish sabablarini atroflicha tahlil qilib berdi.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar, yoshlar hamda xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilik ham tanqidiy tahlil qilinib, maktab o‘quvchilari, oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalarining talabalari va xotin qizlarimiz tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, omil bo‘lgan shart-sharoitlar, bu jarayonda ushbu yig‘ilishda ishtirok etayotgan masʼul mansabdorlarning yo‘l qo‘yib kelayotgan tizimli kamchiliklari, ular zimmasidagi aynan qaysi vazifalarning lozim darajada bajarilmayotgani ham qattiq tanqid qilindi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 5 mart kuni muhtaram prezidentimiz huzurida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida Buxoro viloyatini korrupsiya va jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish borasida “Buxoro tajribasi”ni yaratish, keyinchalik esa ushbu ijobiy tajribani respublikaning boshqa hududlariga tatbiq etish nazarda tutilgan.
Shu bois, barcha mutasaddilar birinchi galda, o‘z mehnat jamoasini, qolaversa, javobgarlik hududini korrupsiya hamda jinoyatchilikdan xoli qilishga masʼul ekani yana bir bor taʼkidlandi.
Muhokama yakunida PQ-1-sonli Qarorda belgilab berilgan vazifalarni bekamu-ko‘st ijro qilish, viloyatda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash borasida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi bandlarining bajarilishini taʼminlashga doir topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.