Qorako‘l tumanida kriminogen vaziyati og‘ir mahalla jinoyatchiligi joyida muhokama etildi
Maʼlumki, bugungi kunda hududlarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha mahallarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida nizoli oilalarda oilaviy qadriyatlarni tiklash, mavjud nizolarni qonuniy hal etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “mahallabay” tarzida ishlar tashkil etilmoqda.
Xususan, mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish hamda aholi muammolarini manzilli bartaraf etish borasida hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari yana-da kuchaytirilmoqda.
Shu o‘rinda, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddi rahbarlari tomonidan hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning natijadorligi, ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilik holati joyida muhokama qilib borilmoqda.
Jumladan, bugun, 22 oktyabr kuni jinoyatchilikning navbatdagi «mahallabay» muhokamasi viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev boshchiligidagi masʼullar va mahalla mutasaddilari ishtirokida Qorako‘l tumani “Chovli” mahallasida o‘tkazildi.
Mazkur mahallada joriy yilning bugungi kuniga qadar birorta ham jinoyat qayd etilmagan bo‘lib «yashil mahalla» sirasiga kirib, hozirda 1 ta og‘ir tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyat sodir etilishi mahallaning sariq toifaga kirishiga sabab bo‘ldi.
Muhokamada mahallada sodir etilgan jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo‘lgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilinib, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining hisobotlari tinglandi.
Mahallada kelgusida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida, «xonadonbay», «oilabay» va «fuqarobay» tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, hududiy IIBning tajribali xodimlaridan iborat yig‘ma otryad faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.