“Oriyat” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davomida fohishaxona saqlash bilan shug‘ullangan bir nechta fuqarolar fosh etildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida Farmoyishi asosida viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar, xususan teri tanosil, OIV hamda OITS kasalliklarining tarqalishi, shuningdek, axloq-odob doirasidagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini issiq izida fosh etish hamda bu sohadagi jinoyatlarga qarshi keskin kurashish maqsadida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda “Oriyat” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari harakatga keltirilgan.
«Buxoro viloyati hududida fohishaxona saqlash bilan bog‘liq jinoiy holatlarni oldini olish va unga qarshi kurashish» borasida o‘tkazilgan navbatdagi maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davomida fohishaxona saqlash bilan bog‘liq bir nechta jinoiy holatlar fosh etildi.
Jumladan, 2023 yil 21 aprel kuni taxminan soat 15-00 larda Olot tumani "Dilkor" mahallasida yashovchi 1953 yilda tug‘ilgan J.I. o‘z uyida moddiy manfaat evaziga bir erkak va ayolning jinsiy aloqa qilishi uchun sharoit yaratib berib, fohishaxona saqlash jinoyatini sodir qilgan.
Ikkinchi holatda esa 2023 yilning 5 may kuni Kogon tumanining “Nurafshon” mahallasida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan N.A. ismli ayol g‘arazli va boshqa past niyatlarda jinoyat sodir qilish yo‘liga o‘tib, bir fuqarodan 150.000 so‘m miqdoridagi pullarni olib uning jinsiy aloqada bo‘lishi uchun tanishi Q.M. ismli ayolni topib berib, ularga sharoit yaratib berib fohishaxona tashkil qilish jinoyatini sodir qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 131-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.