1 Avgust 2023 yil 513

“Otang bozor, onang bozor”: Onlayn “hamyonbop” savdolarga aldanib qolmang!

Nomaʼlum shaxs o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida 2022-yilning 30-oktyabr kuni o‘zining “Samsung A-23” rusumli uyali aloqa telefonidagi “Beeline” aloqa kompaniyasiga tegishli raqamidan ochilgan “Telegram” messenjerida “Arzon Pekin tovarlar” nomli “guruh” yaratib, fuqarolarni aldab, ularning pullarini qo‘lga kiritish maqsad qilgan.

Xususan, joriy yilning 18-fevral kuni Olot tumanida yashovchi bir ayolga Xitoy davlatidan arzon narxda kiyim-kechak keltirib berishni vaʼda qilib, undan 202.000 so‘m miqdoridagi pullarini “Paynet” ilovasi orqali o‘zi foydalanib kelayotgan ATB “Agrobank” tomonidan berilgan plastik kartaga o‘tkazib olishga erishgan. Qo‘lga kiritgan ushbu pullarni esa o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborib, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Navoiy viloyati Navbahor tumani “Burqut” mahallasida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan Q.R. ismli qiz sodir qilganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro Q.R. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu shaxsning butun respublikamiz bo‘ylab sodir etilgan va fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech