O‘zaro hamkorlik memorandumiga ko‘ra jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan
Avval xabar berganimizdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Buxoro davlat universiteti o‘rtasida “Voyaga yetmaganlar, yoshlar va xotin-qizlar orasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar” xususida imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumida belgilangan vazifalarni amalga oshirish ishlariga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Jumladan, tashkil etilgan ishchi guruh aʼzolari tomonidan Romitan tumanida muqaddam sudlangan, profilaktik hamda probatsiya hisoblarida turgan xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlarga huquqiy, ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish ishlari olib borildi.
Bunda, tumanda voyaga yetmaganlar va yoshlar, shuningdek, ayollar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning sabab-oqibatlarini ilmiy-amaliy tadqiq etish, jinoyatlarni keltirib chiqaruvchi omillar sotsial-psixologik jihatdan birma-bir o‘rganildi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar bilan uchrashuv tashkil etilib, malakali psixolog mutaxassislar tomonidan har bir toifadagi shaxs bilan individual suhbatlar olib borildi. Sodir etilgan jinoyatlar va ularning sabab-oqibatlari batafsil tahlil qilinib, har bir shaxsga malakali mutaxassislar tomonidan ijtimoiy-psixologik xizmatlar ko‘rsatildi.