O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov tomonidan Buxoro viloyatida ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga oid tezkor yig‘ilish o‘tkazildi
Bugun, 24 fevral kuni o‘tkazilgan mazkur tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hamda shahar-tuman sektor rahbarlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tezkor yig‘ilish davomida Buxoro viloyatida o‘tgan hisobot davrida jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari hamda jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalarning ijrosi muhokama etildi.
Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, «Xavfsiz va ravon yo‘l» dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari, shaxsiy tarkib tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyatlarning tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni yana-da barqarorlashtirish maqsadida har bir tuman-shahar IIB boshliqlari va mazkur hududlarga biriktirilgan viloyat IIB rahbar xodimlari tomonidan mahallalarni jinoyatlardan holi hududlarga aylantirish, aholini rozi qilish, ularning murojaatlari yechimiga eʼtibor qaratish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan polkovnik Aliyev Shuxrat Hasanovichning Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi eʼlon qilindi. Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Miralimov Mirjamol Yuldashevich tayinlandi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Komilovich Zaripov Ichki ishlar vazirligining "Ichki ishlar organlariga ko‘magi uchun" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda ko‘tarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha soha faxriylari va mutaxassislar so‘zga chiqib, taklif hamda mulohazalar bildirdilar.
Yangi tayinlangan viloyat IIB rahbariga aniq topshiriqlar berildi.