O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Afv” Farmoniga asosan 21 nafar ozod etilgan buxoroliklarning muammolari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy 2022-yilning 7-dekabr kunidagi “Afv” farmoniga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan 13 nafar Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan hamda 8 nafar hududiy Ichki ishlar organlarining Probatsiya xizmati nazorati ostida turgan buxorolik mahkumlar ham jazodan ozod etildi.
Ushbu shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish maqsadida hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tegishli tashkilotlar tomonidan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, bugun 15-dekabr kuni Buxoro viloyati sektor rahbarlari hamda DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i hamda viloyat hokimi o‘rinbosari va boshqa mutasaddilar ishtirokida viloyat 3-sektor shtabi binosida afv etilgan fuqarolar bilan uchrashib, ularni uy-joy va ish bilan taʼminlash, salomatligini tiklash hamda boshqa mavjud muammolarini hal etish borasida yuzma-yuz muloqot qildilar.
Uchrashuv davomida ularning kelgusidagi maqsad va rejalari o‘rganilib, bildirgan muammoli masalalari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi va mutasaddilarga manzilli topshiriqlar berildi.