Peshku tumanida sodir bo‘lgan "qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish” jinoyati, ushbu jinoyat sodir etilgan “Yangibozor” mahallasida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Gap shundaki, joriy yilning 2 mart kuni 20:00 larda, Peshku tumani Yangibozor mahallasida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan B.A. o‘z xonadonida turmush o‘rtog‘i 1984 yilda tug‘ilgan S.D. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida janjallashib qolib, turmush o‘rtog‘ining qorin sohasiga oshxona pichog‘i bilan qasddan urib, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatini sodir qilgan.
Hodisada jabrlangan S.D.ga zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam markazida kechiktirib bo‘lmas muolajalar qilingan va hozirgi kunda davolash ishlari davom ettirilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 31 mart kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari JXX boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va boshqa taalluqli idoralar mutasaddilari ishtirokida, “Yangibozor” mahallasi beshlik vakillari, ushbu mahalla faollari va keng jamoatchilikni jalb etgan holda mazkur og‘ir jinoyatni joyiga borib muhokama qildi.
Jinoyatning kelib chiqish sabablari, ushbu mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o‘rganilib, muhokama jarayonida mahalla mutasaddilari va profilaktika inspektorining jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlari va ularning natijadorligi yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Muhokama yakunida hududda jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida chora-tadbirlar belgilash, “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” ish tartibini yana-da jadallashtirish, bunda aniq yo‘nalishlarni belgilab olgan holda ishlash lozimligi, “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi bo‘yicha keng ko‘lamli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida sektor rahbari, taalluqli idoralar hamda mahalla masʼullariga aniq va manzilli topshiriqlar berib, bunda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ayniqsa mahalla faollarini keng jalb etish lozimligi taʼkidlandi.