Pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi tadbirlar o’tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022 yil 12 oktyabr kunidagi ko‘rsatmasi asosida Buxoro viloyat Ichki ishlar organlari tomonidan boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga qarshi bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 1 noyabr kunidan 20 noyabr kuniga qadar 19 holatda pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holat aniqlanib 12.005.000 so‘mlik 38.113 dona pirotexnika vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Jumladan; 2022 yil 15 noyabr kuni soat 11:00larda Vobkent tumani “Beshrabot” mahallasida joylashgan maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasida shu qishloqda yashovchi, fuqaroga tegishli bo‘lgan jami 6 000 dona “Treniya” yozuvli pirotexnika vositasi borligi aniqlangan. Holat yuzasidan MJtKning 1851-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun tuman sudiga yuborildi.
Buxoro viloyati IIB va G‘ijduvon tuman IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, joriy yilning 21 noyabr kuni, soat taxminan 12:00 larda G‘ijduvon tumanidan kesib o‘tuvchi M-37 yo‘lidan harakatlanib o‘tayotgan, oq rangli, “Damas” rusumli avtomashina shubha uyg‘otganligi sababli, tumanning “A.G‘ijduvoniy” mahallasida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning yukxonasida “Mikki-Maus” yozuvli 3 dona karton qog‘ozdan yasalgan qutilar ichida, “Treniya” yozuvli 134 blok, har bir blok ichida 10 qutidan jaʼmi 1.340 quti pirotexnika vositalari borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.