14 Sentyabr 2023 yil 799

Probatsiya xizmati nazorat ostidagi shaxslar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Mamlakatimizda insonparvarlik tamoyili eng oliy o‘rinda turgani bois shaxsni jamiyatdan ajratmasdan tarbiyalash chorasi ko‘rilmoqda.

Natijada ushbu imkoniyatni to‘g‘ri tushungan nazoratdagi shaxslar jazoni tartib-intizom bilan o‘tab, namunali xulqi bilan muddatidan oldin jazodan ozod bo‘lmoqda. Biroq, berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmay tayinlangan jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab yurgan shaxslar ham yo‘q emas.

Birgina, Buxoro shahar IIO FMB Probatsiya bo‘linmasi hisobida joriy yilning o‘tgan davrida bir yarim ming nafardan ortiq shaxslar bilan nazorat ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, ular orasida berilgan imkoniyatdan foydalanib, tuzalish yo‘liga o‘tgan 203 nafar mahkumlar o‘talmay qolgan jazo muddatidan ilgari shartli ozod qilingan. Ulardan 29 nafarini ayollar, 72 nafarini yoshlar va 9 nafarini esa voyaga yetmaganlar tashkil etadi.

Yaratilgan imkoniyatlardan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘rniga jazo o‘tashdan bo‘yin tovlagani uchun 52 nafarining jazosi sud hukmi bilan og‘irrog‘iga almashtirilgan.

Shu o‘rinda, nazoratda turgan shaxslar bilan muntazam profilaktik ishlar olib borilishiga qaramasdan, 16 nafari tomonidan qayta jinoyat sodir etilgan. Bu esa probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish borasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirishni taqozo etadi.

Shu maqsadda viloyat IIB JXX Probatsiya bo‘limi boshlig‘i mayor Baxtiyor Xudoyberdiyev tomonidan Buxoro shahar IIO FMB probatsiya bo‘linmasi hisobida turgan nazorat ostidagi shaxslar bilan navbatdagi profilaktik uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarni to‘g‘ri hayotga qaytarish, sodir etgan jinoyati uchun chin ko‘ngildan pushaymonlik hissini uyg‘otish, ularni kasbga o‘rgatish, o‘qitish va ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, jamiyatimizda jinoiy qilmish sodir etgan shaxslarning qayta ijtimoiylashuvini taʼminlash, sog‘lom hayotga qaytish va adashgan yo‘lini tuzatish bo‘yicha berilgan imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Text to speech