17 Avgust 2023 yil 887

Profilaktika inspektorlari bilan uchrashuvlar davom etmoqda

Xabar berganimizdek, shu kunlarda viloyat hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida belgilab bergan vazifalarning ijrosini viloyatda samarali tashkil etish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilidan kelib chiqib, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish,  bu borada kelgusida amalga oshiriladigan  vazifalarni belgilash maqsadida hududlarda profilaktika inspektorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Jondor tumanining 52 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi profilaktika inspektorlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi profilaktika inpektorlarining shaxsiy hayoti, shuningdek, xizmat olib borayotgan hududlaridagi muammo va takliflarini birma-bir tingladi. Har bir murojaatning ijrosi yuzasidan mutasaddi tashkilotlar masʼul rahbarlariga ko‘rsatmalar berib, ijrosini alohida nazoratga oldi.

Shu bilan birga profilaktika inspektorlari oldida turgan eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallalarda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarurligi taʼkidlandi. Jinoyatchilikni mahallalarda jilovlash  masalasiga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi faoliyat tanqidiy tahlil etildi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish, yoshlar tarbiyasida mahallaning rolini oshirish, maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, ekstremizm va terrorizm, odam savdosiga qarshi hushyorlikni oshirish singari dolzarb masalalar xususida atroflicha to‘xtaldi.

Xuddi shunday uchrashuv Qorako‘l tumanidagi madaniyat markazida hamda Olot tuman hokimligida tashkil etildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati va ish samaradorligini oshirishga oid tayeliflari tinglandi. Shuningdek, qonunbuzarliklarning sabab va omillariga eʼtibor qaratilib, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, aholi murojaatlari bilan ishlashga yangicha yondashish, profilaktika inspektorlarining davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu tumanlar hokimlari va IIB boshliqlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirok etgan uchrashuvlarda tartib-intizom, qonunlarga hurmat, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarurligi taʼkidlandi. Jinoyatchilikni mahallalarda jilovlash, profilaktika inspektorining ishini yengillashtirish bilan birga natijadorligini oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, bu borada ayrim hududlardagi profilaktika inspektorlarining faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi hamda profilaktika inspektorlarining bilimini oshirish bo‘yicha rahbar xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Muloqotlarda tumanlar bo‘yicha kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar alohida ko‘rsatib o‘tildi. Ularda vaziyatni yaxshilash yuzasidan aniq va manzilli ko‘rsatmalar belgilab berildi.

Uchrashuvlar davomida profilaktika inspektorlarining shaxsiy hayoti va faoliyatidagi muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ham chora-tadbirlar belgilandi.

Text to speech