“Qidiruv” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davomida tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan shaxslar qo‘lga olindi
Avval xabar berganimizdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tegishli farmoyishi asosida jinoyat sodir etib surishtiruv, dastlabki tergov hamda sud organlaridan yashirinib yurgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarni qidirib topish, jazoning muqarrarligini taʼminlash maqsadida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda qator tezkor profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday tezkor tadbirlar o‘z samarasini berib, bir necha qidiruvda bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi.
Jumladan, 2023 yil 15 aprel kuni o‘tkazilgan “Qidiruv” tadbiri davomida, O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganligi uchun, Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 2022 yil 20 may kunidan qidiruv eʼlon qilingan, Moldaviya Respublikasi Kishenyov viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan, muqaddam 1 marotaba O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-modasi bilan sudlangan 1989 yilda tug‘ilgan S.A.ning Rossiya Federatsiyasi hududida yashiringan manzili aniqlanib, ushlandi.
Ikkinchi holatda, Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, sud organiga kelishdan bo‘yin tovlaganligi uchun 2023 yilning 29 mart kunidan qidiruv eʼlon qilingan, G‘ijduvon tumani “Sarmijon” mahallasida ro‘yxatda turuvchi, 1990 yilda tug‘ilgan, M.S.ning Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani chekka hududida yashirinib kelayotgan manzili aniqlanib, qo‘lga olindi va O‘zbekiston Respublikasi IIV JIYED 6-mintaqaviy hududga qarashli 4-sonli Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Bu kabi tadbirlar davom ettirilmoqda.