“Qoradori-2023” keng ko‘lamli tezkor tadbirlari davomida Buxoroda bir kunda to‘rtta holatda giyohvandlik vositalarini ekib yetishtirish bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi IIVning alohida ko‘rsatmasi asosida joriy yilning 1 may kunidan 30 iyun kuniga qadar respublikamizning barcha hududlarida “Qoradori-2023” keng ko‘lamli tezkor hamda profilaktik tadbirlarining birinchi bosqichi harakatga keltirilgan.
Ushbu ko‘rsatmaga muvofiq Buxoro viloyatida ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda bir qator tezkor surishtiruv hamda kompleks profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyatiga kirish-chiqish hamda tumanlararo chegara maskanlarida alohida kuzatuv postlari tashkil etilib, giyohvand hamda psixotrop moddalarning respublikamiz, viloyatimiz va mahallalarga kirib kelishi, qonunga xilof ravishda ekib parvarishlash, tayyorlash va sotish bilan bog‘liq jinoiy holatlarni fosh etish yuzasidan qator tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar doirasida giyohvandlik vositalarini yetishtirish bilan bog‘liq bir nechta holatlar fosh etildi.
Jumladan, Buxoro shahar IIO FMB xodimlari tomonidan, Buxoro shahri hududida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida, X. Nosiriy ko‘chasida yashovchi, 1957 yilda tug‘ilgan K.N. yashash uyi hovlisidagi gulzorda 4 tup «Kannabis» giyohvandlik o‘simligini ekib, parvarish qilinayotganligi;
ikkinchi holat: Jondor tumani IIB xodimlari tomonidan tumanning «Oyto‘g‘di» mahallasida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan t.O.ning yashash hovlisi ko‘zdan kechirilganida tomarqa yerida 66 tup “Ko‘knor” o‘simliklarini qonunga xilof ravishda ekib yetishtirayotganligi;
uchinchi holat: Buxoro tumani IIB xodimlari tomonidan tumanning “Qavola Mahmud” mahallasida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan A.X. ning yashash xonadoni tomorqa yerida 16 tup “ko‘knor” o‘simligini ekib parvarishlayotganligi;
to‘rtinchi holat: Vobkent tumani IIB xodimlari tomonidan tumanning “Shifokor” mahallasida istiqomat kiluvchi, 1972 yilda tug‘ilgan S.T.ning hovlisi ko‘zdan kechirilganda, tomorqa yerida 6 tup «Kannabis» giyohvandlik o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.
Mazkur to‘rttala holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 270-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.