“Qoradori-2023” keng ko‘lamli tezkor tadbirlari davomida Buxoroda to‘rtta holatda giyohvandlik vositalarini ekib yetishtirish bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi IIVning alohida ko‘rsatmasi asosida joriy yilning 1 may kunidan 30 iyun kuniga qadar respublikamizning barcha hududlarida “Qoradori-2023” keng ko‘lamli tezkor hamda profilaktik tadbirlarining birinchi bosqichi harakatga keltirilgan.
Ushbu ko‘rsatmaga muvofiq Buxoro viloyatida ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda bir qator tezkor surishtiruv hamda kompleks profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyatiga kirish-chiqish hamda tumanlararo chegara maskanlarida alohida kuzatuv postlari tashkil etilib, giyohvand hamda psixotrop moddalarning respublikamiz, viloyatimiz va mahallalarga kirib kelishi, qonunga xilof ravishda ekib parvarishlash, tayyorlash va sotish bilan bog‘liq jinoiy holatlarni fosh etish yuzasidan qator tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar doirasida giyohvandlik vositalarini yetishtirish bilan bog‘liq bir nechta holatlar fosh etildi.
Jumladan, G‘ijduvon tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida, tumanning "Ko‘lijabbor" mahallasida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan A.T.ning xonadoni va yordamchi xo‘jaligidagi ekin yerlari ko‘zdan kechirilganda, tomorqasida 1 tup «Kannabis» o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib kelayotganligi;
ikkinchi holatda, Qorako‘l tumani IIB xodimlari tomonidan tumanning "Yangibozor" mahallasida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan A.G.ning tomorqasi ko‘zdan kechirilganda, 6 tup “Kannabis” o‘simligini yetishtirayotganligi;
uchinchi va to‘rtinchi holatlarda, Buxoro tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida tumanning "Qavola Mahmud" mahallasida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan D.H. yashash xonadonining tomorqa yerida 18 tup «Kannabis» o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotganligi, shuningdek, yana xuddi shu tumanning "Shergiron" mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan X.S. ning tomorqa yerida ham 18 tup «Kannabis» o‘simligi ekilib, parvarishlab kelayotganligi aniqlangan.
Mazkur to‘rttala holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 270-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.