Qorako‘l tumani 3-sektorida fuqarolarning muammolari tezkorlik bilan hal etilmoqda
Qorako‘l tumani 3-sektor rahbari boshchiligidagi masʼullar “Ketmondo‘g‘di” mahallasida aholining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ahvoli bilan tanishish maqsadida o‘rganishlar olib bordi.
Bunda, ehtiyojmand oilalar muammolari yaqindan o‘rganilib, 1 nafar fuqaroni doimiy daromad manbai bilan taʼminlash maqsadida, uni payvandlovchi kasbiga o‘qitish va imtiyozli subsidiya mablag‘lari hisobidan payvandlash uskunalari bilan taʼminlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yana 2 nafar ishsiz fuqaroning bandligini taʼminlash masalasi ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hal etiladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, mahallada joylashgan 29-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabining isitish tizimidagi va hududdan o‘tuvchi zovur quvurlarini almashtirish bilan bog‘liq aniqlangan muammolarni bartaraf qilishga doir chora-tadbirlar belgilandi.
Shu kuni, 3-sektorga qarashli hudud aholisini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Temir daftar" ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 19 ta ehtiyojmand oilaga 3.800 tonna ko‘mir va oziq-ovqat mahsulotlari hamda 197 ta suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.