Qorako‘l tumani IIB probatsiya xizmati faoliyatidan.... Qorako‘l tumanida jami 12 nafar mahkum muddatidan avval ozod qilindi. 5 nafarining yengli turdagi jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. 4 nafar nazoratdagi shaxslarning bandligi taʼminlandi.
O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligining insonparvarlik tamoyili mahkumlarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishda ham namoyon bo‘ladi.
Kechirimlilik xalqimizga xos fazilat. Hukumatimiz tomonidan yo‘ldan adashganlarga imkon berib, jinoyat sodir etgan shaxslarga sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavfliligini tushunib yetishiga, tuzalish yo‘liga kirib, tezroq jamiyatga foydali inson bo‘lib qaytishiga keng imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
Shu maqsadda Qorako‘l tuman IIB binosida probatsiya guruhi nazoratidagi shaxslar bilan keng qamrovli profilaktik xususiyatga ega uchrashuv o‘tkazilib, nazorat ostidagilarning muammolari o‘rganildi. Ularga sodir qilgan jinoyatlarining salbiy oqibatlari tushuntirilib, kelgusida qayta jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etmasliklarini oldini olish yuzasidan huquqiy tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbir davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida tuman ichki ishlar bo‘limi probatsiya guruhi hisobida turgan, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, mehnatga ijobiy yondashib, jazoni o‘tash tartibi va qoidalariga qatʼiy amal qilib kelayotgan 12 nafar nazoratdagi shaxslarning o‘talmay qolgan jazo muddatlari JKning 73-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
Aksincha, sodir qilgan jinoyati uchun berilgan yengilroq jazodan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, jamiyatda yurib turish qoidalarini mensimay kelayotgan, sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tash tartibiga rioya qilmay qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan 5 nafar nazorat ostidagi shaxslarning jazolari ozodlikdan mahrum qilish jazolariga almashtirildi.
Shuningdek, nazoratdagi shaxslarning bandligini taʼminlash maqsadida tuman aholi bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda mehnat yarmarkasi tashkil qilinib, 4 nafar nazoratdagi shaxslarning bandligi taʼminlandi.Bu kabi keng qamrovli profilaktik tadbirlar viloyatning boshqa barcha shahar va tumanlarida ham davom ettirilmoqda.