Qorako‘l tumanida ham “xonadonbay” o‘rganishlar olib borilmoqda
Qorako‘l tumani IIB boshlig‘i boshchiligidagi mutasaddilar ishtirokida 3-sektor hududiga qarashli “Jig‘achi”, “Yangiqalʼa” va “Yangibozor” mahallalarida aholining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ahvoli joyida o‘rganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga turli yordamlar ko‘rsatildi.
Jumladan, 5 nafar ishsiz fuqaroning bandligini taʼminlash, 2 nafar fuqaroning uy-joy taʼmiri uchun qurilish materiallari ajratilishi, 4 nafar fuqaroning ko‘mir mahsulotiga ehtiyoji borligiga doir murojaatlari hamda mahalla hududidagi taʼmirtalab holga kelgan ko‘prik qurilishi bilan bog‘liq masalalarning ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shu kunning o‘zida hudud aholisiga qo‘shimcha ravishda ko‘mir mahsuloti yetkazib berilib, uy-joy taʼmiri masalasida 9 mln so‘mlik qurilish materiallari olish uchun tuman hokimligi tomonidan mablag‘ ajratilib, ko‘prik taʼmiri uchun maxsus texnika vositalari jalb qilingan holda hashar yo‘li bilan taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi.
Tuman hududida fuqarolar muammolari “xonadonbay” tizimi asosida joyida o‘rganilib, zudlik bilan tezkor shtabga maʼlumotlar taqdim qilinib, ijrosi alohida nazoratga olinmoqda.