7 Iyun 2023 yil 412

Qorako‘llik shaxs 3 nafar fuqaroning yetti bosh qoramollari pulini bo‘lib bo‘lib to‘lashga vaʼda qilib, ularni chuv tushirdi

Olot tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2023-yilning 28-yanvar kuni Qorako‘l tumani “Darg‘ali” mahallasida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan T.A. ismli shaxs Olot tumani “Arabxona” mahallasida yashovchi bir fuqarodan umumiy bahosi 45 mln. so‘m bo‘lgan 4 bosh qoramolining pulini bir oy muddatda berishni vaʼda qilgan holda sotib olib, 14 mln. 480 ming so‘mini berib, qolgan 31 mln. 200 ming so‘mini bermasdan o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Shuningdek, u jinoiy hatti-harakatlarini davom ettirib, joriy yilning 3-mart kuni Olotning “Pichoqchi” mahallasida yashovchi yana bir fuqarodan umumiy bahosi 21 mln. so‘mlik 2 bosh qoramollarining pulini 15 kun ichida berishni vaʼda qilgan holda sotib olib, 7 mln. so‘mini bergan va qolgan 13 mln. 700 ming so‘mini qaytarmasdan kelgan.

Bundan tashqari u oson boylik orttirish maqsadida yana jinoiy harakatlarini davom ettirib, Olot tumani “Bayot” mahallasida yashovchi boshqa bir fuqaroning umumiy bahosi 14 mln. so‘mlik 1 bosh qoramolini ham olib, 10 kun ichida hisob kitob qilishga kelishib, hozirgi kunga qadar ushbu pullarni bermasdan, firibgarlik qilib kelgan.

Mazkur holatlar yuzasidan tuman IIB tomonidan fuqaro T.A. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu kabi yana necha nafar fuqarolarni chuv tushirganligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech