Qorovulbozorda ona va qizlarini chuv tushirgan kiberjinoyatchi fosh etildi
Qorovulbozor tumani IIB tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, nomaʼlum shaxs 2021-yilning iyun oyida Qorovulbozor tumani ”Cho‘lquvar” mahallasida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan A.M. ga, ”Instagramm” ijtimoiy tarmog‘ida dizayner “Shahzoda Muhammedova” nomidan ochilgan qalbaki akkaunt orqali “Siz o‘yinda ishtirok etib 2 mln. so‘m pul yutug‘iga ega bo‘ldingiz, mazkur pulni olish uchun plastik kartochka kod raqamlarini SMS orqali yuborsangiz, yutuqni kartangizga tashlab beramiz deya” vaʼda qilib, fuqaro A.M., uning onasi A.G., va opasi A.M. larga tegishli plastik karta raqamlari va kodlarini SMS yozishmalar orqali olishga erishib, ushbu 3 ta plastik kartadan, jami 1.180.000 so‘m pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida o‘sha vaqtda jinoyatni fosh etish imkoni bo‘lmaganligi uchun harakatdan to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Ammo, bugungi kunga kelib ichki ishlar organlarida yangi texnologiyalarning joriy etilishi sabab, jinoyat ishi qayta tiklanib, qo‘shimcha ravishda olib borilgan tezkor texnik hamda tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Toshkent viloyati Oxangaron tumani ”Go‘shsoy” mahallasida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan T.J. sodir qilganligi fosh qilindi.
Hozirda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.