Qorovulbozorda qo‘lga olingan chorvamol o‘g‘riligini o‘ziga kasb qilib olgan jinoiy guruhning yana bir jinoyati fosh etildi
2023 yilning 26 maydan 27 mayga o‘tar kechasi, nomaʼlum shaxs o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Qorovulbozor tumani Jarqoq mahallasi hududida joylashgan “Art eko” klaster dala yeridan jami bahosi 23 mln. so‘mlik 4 bosh qoramollarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan nomaʼlum tomonga yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bir qator tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan.
Joriy yilning iyul oyida qo‘lga olingan chorva mol o‘g‘irligini o‘ziga kasb qilib olgan jinoiy guruh bilan olib borilgan tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni ham, mazkur jinoiy guruhning aʼzolari G‘ijduvon tumanida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan I.Yu. Shofirkon tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan Q.A., Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan J.J., G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan U.F.lar sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruhning yana xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.