1 Noyabr 2022 yil 684

Rahbar va yoshlar uchrashuvi: Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Buxoro davlat pedagogika instituti talaba yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining “Yoshlarni maʼnaviy-ahloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish borasida davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida bir qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi respublikasi idoralararo ishchi guruhining Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari tizimida mavjud muammoli masalalarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish yakuni bo‘yicha muhokama yig‘ilishida Buxoro viloyat IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosarlariga viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari talaba yoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazish vazifasi belgilab berilgan edi.

Bunga ko‘ra, bugun 1 noyabr kuni viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev boshchiligidagi masʼullar Buxoro davlat pedagogika instituti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.

Bunda, yoshlarda mavjud muammo va murojaatlar yaqindan o‘rganilib, ularning taklif va tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratildi hamda uning ijrosi yuzasidan tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, talaba yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar birma bir tahlil qilinib, kelgusida bunday noxushliklarni oldini olishning aniq va manzilli tadbirlari belnilab olindi.

Shuningdek, ushbu oliy taʼlim muassasasi va Ichki ishlar boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini ishlab chiqib, ijroga qaratish masalasi kelishib olindi.

Bu kabi uchrashuvlar tasdiqlangan grafik asosida davom ettiriladi.

Text to speech