28 May 2025 yil 1134

Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatida aholi murojaatlari yechimiga doir ommaviy sayyor qabullari davom etmoqda

Jamiyatda inson manfaatlarini ustuvor deb bilish va fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida hamda samarali javob qaytarishni taʼminlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida ommaviy sayyor qabullar tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 26 mayidan 30 mayiga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur tadbirlarning navbatdagisi 28 may kuni Vobkent tumanida joylashgan "Porloq kelajak" bolalar yozgi oromgohida bo‘lib o‘tdi.

Qabulda Ichki ishlar vazirligi hamda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ham ishtirok etib, Vobkent, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlaridan kelgan 20 dan ortiq fuqarolarning sud-huquq sohasi va ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Murojaatlarning joyida hal etilishiga alohida eʼtibor qaratilib, qo‘shimcha o‘rganish va huquqiy baho berishni talab etuvchi masalalar yuzasidan tegishli sohaviy xizmat masʼullariga aniq vazifalar yuklatilib, alohida nazoratga olindi.

Aholi bilan doimiy muloqotni taʼminlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini amaliy ro‘yobga chiqarish, joylardagi muammolarni tezkor hal etish — ushbu sayyor qabullarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Eslatib o‘tamiz, sayyor qabullar viloyatning boshqa tumanlarida ham tashkil etiladi.

Text to speech