Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi sayyor qabullari: aholi murojaatlariga samarali yechim bo‘lmoqda
Buxoro viloyatida Respublika ishchi guruhi tomonidan tashkil etilgan sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni taʼminlash, mavjud muammolarni aniqlash va ularga samarali yechim topishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.
Joriy yil 29 may kuni shunday qabullarning navbatdagisi Qorako‘l tumanidagi “Acharya” Universiteti binosida bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi hamda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼullari ham ishtirok etib, fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishdi.
Qabul jarayonida Qorako‘l, Olot va Jondor tumanlari aholisi hamda avvalgi sayyor qabullarda qatnashish imkoniga ega bo‘lmagan boshqa tumanlardan kelgan fuqarolar ham o‘z murojaatlari bilan chiqishdi.
Murojaatlar turli sohalarga — ish bilan taʼminlash, ijtimoiy himoya, huquqiy nizolar, ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq shikoyatlar va boshqa muammolarga oid bo‘ldi.
Har bir murojaat masʼullar tomonidan diqqat bilan eshitilib, ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etildi. Batafsil o‘rganishni talab etuvchi holatlar bo‘yicha esa tegishli mutasaddilarga vazifalar yuklatilib, aniq muddat va ijrochilar belgilandi.
Qabul jarayonida fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi, ularning murojaatlari rasmiy ro‘yxatga olinib, nazoratga olindi. Mazkur muloqotlar aholi va davlat organlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga, fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini faollashtirishga xizmat qilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, sayyor qabullar orqali muammolarning mahalliy darajada hal qilinishiga erishilmoqda. Bu esa nafaqat odamlar hayotini yengillashtirish, balki davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishga ham hissa qo‘shmoqda.