Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatidagi o'rganish ishlarini yakunladi
Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po'lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida o'rganishlar olib bordi.
Ishchi guruh vakillari viloyatning barcha tuman-shaharlarida bo'lib, jamoat xavfsizligi kontseptsiyasida belgilangan vazifalar ijrosi, barcha turdagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, «Xavfsiz va ravon yo'l» dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, jamoat xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi va boshqa yo'nalishlarda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi.
Xususan, ichki ishlar vaziri o'rganishlar davomida Qorovulbozor tumani “Imom Buxoriy” MFY va tuman IIB 539-son huquq-tartibot maskani binosida xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shu erning o'zida, sektor rahbarlarining jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash va aholi muammolari bilan tizimli ishlashdagi faoliyati o'rganildi. Tuman IIB boshlig'i va o'rinbosarlarining ishga bo'lgan mas'uliyati, jinoyatchilikni jilovlashdagi tashabbuskorligi tahlil qilindi.
Shuningdek, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi va xotin-qizlar faolining o'zaro hamkorlikdagi faoliyati o'rganildi.
Qorovulbozor tumani “Buxoro Agro Klaster” MChJ tomonidan lalmikor er maydonida ekilgan paxta dalasida tomchilatib sug'orish amaliyoti o'rganildi.
Shundan so'ng, viloyat, tuman, shahar IIB rahbarlari va o'rinbosarlari ishtirokida o'rganishlarning amaliy natijalari muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi.
Tanqidiy ruhda o'tgan yig'ilishda Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 12 fevral` kuni IIV Hay'atining kengaytirilgan majlisida berilgan topshiriqlar, jamoat xavfsizligi kontseptsiyasida belgilangan vazifalar, 2022 yil 11 fevral` kuni yo'l harakati xavfsizligiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlashga alohida e'tibor qaratish lozimligini ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, Buxoro viloyatida Respublikada birinchilardan bo'lib YHXB ekspluatatsiya-montaj bo'linmalari faoliyati yo'lga qo'yilganligi, soha faoliyatiga aloqador texnikalardan tortib, xodimlarga yaratilgan sharoitlar ijobiy baholandi.
Sodir etilayotgan jinoyatlar tahlilidan kelib chiqib, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida har bir tuman-shahar IIB boshliqlari va mazkur hududlarga biriktirilgan viloyat IIB rahbar xodimlari tomonidan joylardagi vaziyatning chuqur tahlili asosida, jinoyatchilikni jilovlash, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo'yicha aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatildi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan, viloyatning shahar-tumanlarida jinoyatlar muhokamasi borasidagi yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar tanqid qilinib, qisqa muddat ichida bartaraf etish bo'yicha aniq topshiriqlar berildi.
Xizmati faoliyati davomida kamchilikka yo'l qo'ygan rahbarlarning bir guruhi intizomiy jazoga tortildi.
O'z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib hamkasblariga o'rnak bo'layotgan bir guruh xodimlar turli darajadagi mukofotlar bilan taqdirlandi.