Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatida o‘z faoliyatini boshladi
Bugungi kunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish hamda aholi muammolarini manzilli bartaraf etish muhim masala hisoblanadi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘iga asosan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Buxoro viloyatining 13 ta shahar-tumanlaridagi 544 ta mahallalarida istiqomat qilayotgan aholining osoyishta va farovon hayot kechirishlari yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini sektorlar kesimida o‘rganish, aholi bilan bevosita muloqot qilish hamda hududlardagi kriminogen vaziyatni yana-da barqarorlashtirish maqsadida o‘rganish ishlarini boshladi.
Ushbu jarayonlarda asosiy eʼtibor Prezident tomonidan 2021 yil 29 noyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar, 11 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga qaratilmoqda.
Dastlab, G‘ijduvon tumani “Fayzulla Xo‘jayev” mahallasiga biriktirilgan profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda mahalla raisining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati o‘rganildi.
Suhbatlar jarayonida xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy bilim-salohiyati va kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha izlanuvchanligiga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada profilaktika inspektori Sardor Ergashevga doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, bilim-salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tuman sektor rahbarlarining tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi tashabbuskorligi tahlil qilindi.
Ishchi guruh masʼullari to‘rtinchi sektor hududida joylashgan kichik sanoat zonasida tashkil etilgan “Alp Kamol Fayz” MCHJ faoliyati bilan tanishildi. Mazkur korxona trikotaj mahsulotlari va eshik-romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 30 dan ortiq mahalliy aholini ish bilan taʼminlagan.
Hammamizga maʼlumki yutimizda taʼlim sohasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, yosh avlodning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashlari hamda ruhiy barkamol inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.
Tumanning “Guliston” mahallasidagi 45-son maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Maktabda tashkil etilgan IT mutaxassislarni tayyorlashga mo‘ljallangan sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashildi.
Shu yerning o‘zida, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati hamda psixolog inspektor leytenant G.Maxmudovaning o‘quvchilar bilan ishni tashkil etish borasidagi faoliyati o‘rganildi.
Shundan so‘ng, G‘ijduvon tuman Ichki ishlar boshqarmasida xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Tumanda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash hamda keskin oshgan jinoyatlarni kamaytirish bo‘yicha sektor rahbarlari va IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlariga topshiriqlar berildi.
Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi faoliyati bilan tanishish, sektor rahbarlari hamda IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlarining jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlashdagi faoliyatini o‘rganish jarayonida, Tumandagi tezkor vaziyat haqida yetarli maʼlumotga ega bo‘lmaganligi uchun IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosarining xizmat faoliyatini o‘rganib chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berildi.
Tumanda aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, “Sh.Xamroyev” mahallasida tashkil etilgan “Buxoro Azteks” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli zamonaviy tikuvchilik fabrikasi shular jumlasidandir. Masʼullar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Ushbu korxona 1 200 nafar fuqaroning bandligini taʼminlangan. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 80 foizi xorijiy davlatlarga eksport qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi PQ-190-son “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash bo‘yicha viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Xususan, viloyat YHXB ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalari faoliyati bilan tanishildi. Soha faoliyatiga aloqador texnikalardan tortib xodimlarga yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan uzoq yillar davomida bo‘linmada samarali xizmat qilib kelgan xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shu yerning o‘zida, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘ining ekspluatatsiya-montaj bo‘linmalarining faoliyatiga doir taqdimoti tinglandi.
Buxoro tumanidagi o‘rganishlar davomida esa “Rabotiqalmoq” mahallasida yangi qurilayotgan majmuaning qurilish jarayonlari bilan tanishildi.