31 Avgust 2024 yil 874

Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan Davlatimiz mustaqilligining 33 yilligi bayrami Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tiizimlarida ham keng tantana qilindi

Joriy yilning 30 avgust kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Bir bo‘lsak-yagona xalqmiz, birlashsak-Vatanmiz” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yillik bayrami keng tantana qilindi.

Bayram tadbiri videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkazilib, unda ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tuzilmalari, shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi hamda taklif etilgan faxriy xodimlar ishtirok etdi.

Tantana, tadbir joyiga O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining olib kirilishi va shaxsiy tarkib tomonidan jonli ravishda davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlandi.

Bayram tadbirini ochib bergan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Ikromjon Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonovning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohotlar sohada xizmat natijadorligining ortishiga, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda, sodir etilgan jinoyatlarning o‘z vaqtida, issiq izidan fosh etilishiga zamin yaratayotganini alohida taʼkidladi.

Shundan so‘ng, bayram munosabati bilan taqdirlangan bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi Farmoniga asosan, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – tergov bo‘limi boshlig‘i Rustamov Jasurbek Ilxomovichga “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan mukofotlanganligi eʼlon qilindi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i asosida, vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olish borasidagi samarali mehnati, o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik va jasorat ko‘rsatgan xodimlar turli darajadagi ko‘krak nishonlariga sazovor bo‘lishdi.

2 nafar xodim — “Aʼlo xizmatlari uchun”, 1 nafar xodim — “1-darajali benuqson xizmatlari uchun”, 2 nafar xodim — “2-darajali benuqson xizmatlari uchun” , 2 nafar xodim — “3-darajali benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, 2 nafar xodim Ichki ishlar vazirligining faxriy yorlig‘i, 1 nafar xodim vazirning esdalik qo‘l soati, 1 nafar xodim kitoblar to‘plami bilan rag‘batlantirilgan bo‘lsa, 1 nafar isteʼfodagi faxriy xodim “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan 1 nafar xodimga muddatidan ilgari “mayor” maxsus unvoni hamda 8 nafar xodimlarga birinchi “leytenant” maxsus unvonlari tantanali ravishda topshirildi.

4 nafar viloyat ichki ishlar organlarining xodimlari esa Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayevning tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, bir guruh viloyat ichki ishlar organlari xodimlari Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan turli darajadagi mukofotlarga loyiq ko‘rildi.

Jumladan, 9 nafar xodimlar boshqarma boshlig‘ining esdalik qo‘l soati, shuningdek, Respublika Ichki ishlar organlarining ayol xodimalari o‘rtasida joriy yilning 13-16 avgust kunlari Buxoro viloyatida o‘tkazilgan “To‘maris izdoshlari” musobaqasida faxrli 3-o‘rinni egallagan viloyat IIB jamoasi hamda joriy yilning 16-17 avgust kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan “Quvnoqlar va zukkolar – 2024” ko‘rik tanlovining mintaqaviy bosqichida 2-o‘rinni egallab, mazkur ko‘rik tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Buxoro viloyati IIBning “Sheryurak” jamoasi aʼzolari hamda “Eng yaxshi vatanparvarlik ruhidagi videorolik” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Axborot xizmati xodimi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘ining mazkur buyrug‘i bilan, 624 nafar xodimlar pul mukofoti bilan taqdirlangan bo‘lsa, shuningdek, 56 nafar xodimlarning harakatdagi intizomiy jazolari muddatidan avval bekor qilindi.

Albatta berilayotgan bunday yuksak eʼtibor va g‘amxo‘rlik har bir xodimga katta masʼuliyat bilan birga, tunu kun o‘z ustidan ishlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash uchun barcha kuch-vositalarni safarbar etish majburiyatini yuklaydi.

Text to speech