20 Iyun 2025 yil 1587

Romitanda “Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” tadbirlari doirasida jinoyatchilikning oldi olinib, aholi o‘rtasida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha amaliy natijalarga erishilmoqda

Xabaringiz bor joriy yilning 10 iyun sanasidan boshlab, Buxoro viloyatida jinoyatchilikning oldini olish va aholi uchun xavfsiz muhit yaratish maqsadida “Xavfsiz hudud – dolzarb 30 kunlik” deb nomlangan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar 10 iyulgacha davom etadi.

Tadbirlar viloyat hokimligi Prokuratura, IIB, DXX, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Mahalla uyushmasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish, Yoshlar ishlari boshqarmalari, shuningdek, Migratsiya agentligining viloyat filiali hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Bu 30 kunlik davr mobaynida huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, profilaktik suhbatlar, tezkor choralar va targ‘ibot ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Romitan tumanida o‘tkazilgan maxsus va profilaktik tadbirlar ham o‘z samarasini bermoqda. Hududda jinoyatchilikning kamayishi, aholining huquqiy savodxonligini oshishi va profilaktika ishlarining samaradorligi kuzatildi.

Dastlab, tuman IIBda qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida ertalab soat 6:00 dan boshlab “Tong” tadbiri eʼlon qilinib, qidiruvda bo‘lgan shaxslar yashirinishi mumkin bo‘lgan manzillar tekshirildi.

“Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam!” shiori ostida piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.

Tuman IIB da o‘tkazilgan yo‘riqnomada ishchi guruh aʼzolariga qo‘shma qaror mazmun mohiyati yetkazilib, kun davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar ko‘lami tushuntirilib, manzilli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Ichki ishlar organlari faxriylari, xodimlar va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” hamda taniqli shoir va yozuvchilar bilan davra suhbatlari tashkil etildi.

Probatsiya nazoratida turgan shaxslar bilan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, 5 nafar nazorat ostidagi shaxslarni jazosidan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish bo‘yicha sudga taqdimnomalar kiritilgan bo‘lsa, 1 nafar jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxsning jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. 

“Nazorat” tadbiri doirasida tuman hududida istiqomat qiluvchi muqaddam sudlangan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Tumanda istiqomat qiluvchi 100 ga yaqin ov quroli egalari bilan joyida o‘rganish ishlari olib borilib, qoidani buzgan 10 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Tuman markaziy bozorida karantin va sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilinishi tekshiruvdan o‘tkazilib, 88 ta savdo do‘kon egalari rasmiy ogohlantirilgan bo‘lsa, bir nafariga maʼmuriy chora ko‘rildi.

4 nafar qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlarga nisbatan “Inson” ijtimoiy markazi tomonidan vasiy va homiy tayinlandi.

VEIHYOKMdan chiqqan 56 nafar voyaga yetmaganlar yashash joyidan o‘rganilib, mahalla yettiligi va hamkor tashkilotlar ishtirokida monitoring qilinib, 2 nafari VEIHYOKMga joylashtirildi.

Tumandagi “Romitan” oromgohi faoliyati o‘rganilib, oromgohga jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan xodimlar bilan yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Tuman hokimligi, viloyat hududidagi oliy taʼlim muassasalari masʼullari bilan hamkorlikda tuman hududida istiqomat qiluvchi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchi talabalari bilan  uchrashuv tashkil etilib, bitiruvchi talabalarning bandligini taʼminlash, ularning muammolarini ijobiy hal etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir doirasida profilaktika inspektorlari tomonidan 36 ta holatda huquqbuzarliklar aniqlanib maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Ijtimoiy profilaktika obyekti sifatida ro‘yxatga olingan 76 nafar shaxslarga nisbatan xulosalar berilishi taʼminlanib, 39 ta qo‘shma xulosalar tuzildi.

Maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi 1 nafar shaxsga nazorat o‘rnatildi.

Tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan hamkorlikda dispanser hisobida turgan ruhiy kasallarning 270 nafari va spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslarning 105 nafari yashash manzilidan o‘rganilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Jarayonda 3 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar viloyat narkologiya dispanseriga majburiy davolanishga, 2 nafar jinoyat sodir etishga moyil tajovuzkor ruhiy kasallar dispanserga yotqizildi.

Bundan tashqari, tuman hududida istiqomat qiluvchi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan hamda nizoli oilalardagi xotin-qizlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning muammolari yechimiga doir chora tadbirlar belgilanib, huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, yana 7 nafariga Himoya orderi rasmiylashtirib berilib, tushuntirish ta targ‘ibot ishlari natijasida 4 ta oila yarashtirildi.

Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan aholi xonadonlari va boshqa obyektlarni qo‘riqlovga olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilib, 2 ta obyekt,  1 ta xonadon qo‘riqlovga olindi.

“Dolzarb-30 kunlik” tezkor-profilaktik tadbiri davomida, Buxoro viloyat IIB JQB va tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, “Xosa” mahallasida yashovchi fuqaroning xonadoni va yordamchi xo‘jaliklari ko‘zdan kechirilganda, jami 10 dona “ANTMINER S9” rusumli mayning qurilmalari mavjudligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham tasdiqlangan grafik asosida amalga oshirib kelinmoqda.

Text to speech