13 Yanvar 2023 yil 658

Sayyor sudda tabiiy gaz quvurlariga noqonuniy qurilmalar o‘rnatgan 41 nafar fuqarolar javobgarlikka tortildi

Jondor tumanida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilayotgan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklarni aniqlash, ijtimoiy obyektlar va aholi xonadonlariga gaz bosimini bir meʼyorda yetkazib berishni taʼminlash maqsadida huquq-tartibot organlari hamda gaz taʼminoti hududiy bo‘limlari xodimlaridan iborat tezkor guruhlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholi xonadonlarida tezkor reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Tumanning Nurafshon hamda Chorzona mahallalarida o‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 620 ta xonadonlar ko‘zdan kechirildi.

Jarayonda 41 ta holatda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq, yaʼni gaz quvurlariga so‘rg‘ich moslamalarini o‘rnatish holatlari aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 101-moddasiga asosan maʼmuriy ish hujjatlari rasmiylashtirilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun sud muhokamasiga yuborildi.

Joriy yilning 13-yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida ushbu 52 nafar tabiiy gaz quvurlariga noqonuniy so‘rg‘ich o‘rnatgan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy ish hujjatlari mazmunan ko‘rib chiqildi.

Sayyor sud majlisida Jondor tuman hokimi Sanatillo Hikmatov hamda Buxoro viloyati IIB dan tumanga masʼul qilib tayinlangan podpolkovnik Shuhrat Jalolov ham ishtirok etib, fuqarolarga tabiiy gaz quvurlariga o‘rnatilgan noqonuniy gaz so‘rg‘ichlari ushbu yo‘nalishdagi gaz quvurlariga ulangan boshqa fuqarolarning huquq va manfaatlariga zid ekanligi, ularga yetarli miqdorda tabiiy gaz bosimining yetib bormasligiga sabab bo‘lishi, so‘rg‘ichlardan keladigan gazning sifatsiz va hayot uchun xavfli solishi, to‘liq yonmasdan ortiqcha gazning isrof bo‘lishiga olib kelishi yuzasidan tushuntirishlar berildilar.

Shuningdek fuqarolar ushbu sinovli kunlarda birtanu birjon bo‘lib ortiqcha vahima yo‘l qo‘ymaslik, qish mavsumini talafotsiz o‘tkazish borasi olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar borasida maʼlumotlar berildi.

Shundan so‘ng sud qarori bilan ushbu 41 nafar fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 101-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qo‘llanildi.

Shu o‘rinda barcha fuqarolardan ushbu holatlardan xulosa chiqarib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanmasliglarini so‘rab qolamiz.

O‘zboshimchalik bilan o‘rnatilayotgan bunday noqonuniy uskunalar hayot uchun xavfli ekanligini eslatib o‘tamiz.

Text to speech