Savdo do‘koniga o‘g‘rilikka tushgan shaxs ushlandi
2023 yil 7 mart kunidan 8 mart kuniga o‘tar kechasi, nomaʼlum shaxs qasddan jinoyat sodir qilish yo‘liga kirib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, fuqaro S.O‘.ning Kogon tumani “O‘zbekiston” mahallasida joylashgan, oziq-ovqat savdo do‘konida hech kim bo‘lmaganligidan foydalanib, ushbu do‘konining shishali kirish eshigini sindirish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, savdo do‘koni sotuvchi stoli ustida bo‘lgan 150.000 so‘m naqd pullarini o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyati qarshi shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan Ya.G. ismli ayol sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.