Shofirkon tumani Ichki ishlar bo‘limi hisob qayd etish komissiyasining ish faoliyati yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev kundalik ish reja asosida hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirish borasida o‘rganishlar o‘tkazmoqda.
Bugun, 23 avgust kuni boshqarma boshlig‘i Shuxrat Aliyev boshchiligidagi barcha o‘rinbosarlar, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari birgalikda Shofirkon tumanida bo‘lib, tuman Ichki ishlar bo‘limi hisob qayd etish komissiyasi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sohasidagi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqdilar.
Erta tongdan boshlangan o‘rganishlar davomida boshqarma boshlig‘i boshchiligidagi masʼullar har bir xodim yurituvida bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ariza va xabarlar hamda boshqa turdagi murojaatlar yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv hamda tergov materiallarini birma-bir ko‘zdan kechirdilar.
O‘rganish davomida ayrim yosh xodimlarning malakasizligi yoki o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining sansalorlikka yo‘l qo‘yishi oqibatida muddatlari buzilgan, belgilangan talab va tartib asosida ko‘rib chiqilmagan, sifatsiz surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan materiallar bo‘yicha masʼul xodimlarga tushuntirishlar berib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Kun davomida o‘tkazilgan tekshiruv davomida aniqlangan tizimli kamchiliklar, ko‘rsatilgan amaliy yordam natijalari kunning ikkinchi yarmida shahar tuman ichki ishlar organlari rahbarlari, masʼul xodimlar va shaxsiy tarkib ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhokama qilinib, hududiy ichki ishlar organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sohasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, xizmat va ijro intizomini mustahkamlash borasida aniq chora tadbirlar belgilanib, masʼullarga manzilli topshiriqlar berildi.
O‘rganish va amaliy yordamlar barcha hududiy ichki ishlar organlarida davom ettiriladi.