7 Iyun 2023 yil 594

Shofirkon tumanida o‘tkazilgan maxsus tezkor hamda keng qamrovli profilaktik tadbirlar davomida xonadonida noqonuniy ravishda “tilla qumi yuvish bilan shug‘ullanuvchi” bir guruh shaxslarning huquqbuzarliklari fosh etildi

Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘li bilan aholi farovonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, yurtimizning ayrim hududlarida ijtimoiy tanglikning kuchayishi, jumladan qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olishning davom etayotganligi bilan bog‘liq bo‘lgan kriminogen vaziyatning yomonlashishi kuzatilmoqda.

Maʼlumki, amaldagi qonunchiligimizda, yer qaʼri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulida qazib olish bilan shug‘ullanishga ruxsat etilmaydi. Biroq yo‘q yerdan daromad topish mumkin bo‘lgan joyda qonun buzilmasligiga kim kafolat beradi?

Maʼlumotlarga ko‘ra, noqonuniy ravishda qimmatbaho metallarni qazib olish tizimli tus olgan bo‘lib, ularning yashirincha aylanishi va chet elga olib chiqib ketilish holatlari ham kuzatilmoqda. Qonunchilikda bu kabi noqonuniy ravishda oltin qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlikning muqarrarligi belgilab qo‘yilgan.

Avval xabar berganimizdek, Shofirkonda aynan noqonuniy ravishda "tilla qumi yuvish bilan shug‘ullanuvchi" shaxs uyida o‘ta mudhish va og‘ir jinoyat hisoblangan bosqinchilik jinoyatining sodir etilishi turli mish-mish va shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

O‘zining ustomonligi bilan qonunlarimizni chetlab o‘tib tekin daromad orttirishni niyat qilgan shaxslar qo‘lga olindi.

Gap shundaki, 2023-yilning 28-may kuni soat taxminan 04:00larda Shofirkon tumani “Denov” mahallasida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro A.Sh. ismli shaxs Buxoro davlat universitetining 3-bosqich talabasi, 2001-yilda tug‘ilgan boshqa bir fuqaro S.S. hamda “Navbahor” mahallasida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro O.I. lar bilan “Denov” mahallasida yashovchi fuqaro X.O. ning uyiga devor oshib kirib, hovlisining ayvonida noqonuniy ravishda tarkibida tilla zarrachalari bo‘lgan qumlarni yuvayotgan, tumanning “Mahallaqozi” mahallasida yashovchi, 1-sonli kasb-hunar maktabining 1-bosqich o‘quvchisi, 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan N.Sh. ning  oldiga bostirib borib, tanasining turli joylariga urib, jarohat yetkazib, unga tegishli umumiy qiymati taxminan 10.000.000 so‘mlik tarkibida tilla zarralari bo‘lgan qumlarni bosqinchilik yo‘li bilan olib, voqea joyidan yashirinishgan.

Holat yuzasidan Shofirkon tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov jarayonida yuqoridagi 4 nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari birma bir tahlil qilinib, zudlik bilan Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tuman masʼul rahbarlari, ushbu mahalla faollari hamda jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilindi. Jinoyat sodir etilishiga olib kelgan omillardan kelib chiqib boshqarma boshlig‘ining alohida ko‘rsatmasi asosida maxsus tezkor guruhlar shakllantirilib, Shofirkon tumanining 3-sektoriga qarashli  hududlarda noqonuniy tilla yuvish bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni aniqlash va ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida maxsus tezkor hamda profilaktik tadbirlar olib borilib, tumanning “Navbahor”, “Qayrag‘och”, “Pattaxon”, “Denov” va “Nekkishi” kabi mahallalari xatlovdan o‘tkazildi.

Jarayonda, Ichki ishlar boshqarmasi  boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov tomonidan tuman hokimligi binosida barcha hamkor tashkilotlar ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazilib, masʼullarga aniq va manzilli topshiriqlar berildi.

Maxsus tezkor hamda keng qamrovli profilaktik tadbirlarga Ichki shlar boshqarmasining tegishli xizmat sohalari hamda tuman IIB xodimlari, viloyat Elektr tarmoqlari UK, Ekologiya va Sog‘liqni saqlash boshqarmalaridan mutaxassislar jalb etildi.

Malumot o‘rnida: Tadbir davomida ushbu huddudga qarashli 5 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida mavjud 3420 ta xonadonlarning barchasi xatlovdan o‘tkazildi.

Xatlov davomida:

- 128 ta obodonlashtirish qoidalarini buzish;

- 17 ta noqonuniy tilla yuvish;

- 70 ta noqonuniy gaz va elektr energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq hamda 325 ta boshqa turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 67.078.000 so‘m miqdorida jarimalar belgilanib, belgilangan jarimalarning 20.201.500 so‘mi davlat foydasiga undirildi.

Ushbu mahallalardagi tilla qumlarini tashish imkoniyatiga ega, qum tashish uchun qayta jixozlangan va texnik ko‘rikdan o‘tmagan jami 32 ta avtomashinlar jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Bu kabi tadbirlar yuqoridagi kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni barvaqt odini olish maqsadida tashkillashtirilgan bo‘lib, kelgusida mazkur hududlar va ularga tutash bo‘lgan boshqa hududlarda ham izchillik va manzilli tartibda davom ettiriladi.

Text to speech