Shofirkon tumanida “Xavfsiz hudud” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari o‘tkazildi
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Shofirkon tumani IIB masʼullari tomonidan “Do‘rmen” va “A.Navoiy” mahallalarida “xonadonbay” tizimi asosida aholi orasida “Xavfsiz hudud” maxsus tezkor profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Tadbir oldi yo‘riqnomada xodimlarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, joylarda tuman IIB 3-sektor masʼullari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida fuqarolarning murojaatlari o‘rganilmoqda.
Hududlardagi 10 ta qishloq bo‘ylab 35 ta savdo obyektlari, 2300 dan ortiq xonadon, ko‘cha va jamoat joylarida 24 ta nizoli oila, qo‘ni-qo‘shni va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar vakillari, aholi va korxonalar xodimlari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga doir huquqiy-targ‘ibot ishlari olib borildi.
Tadbir doirasida sog‘liqni saqlash muassasasi hisobida turgan 14 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va 28 nafar ruhiy kasallar xoniga soha xodimlari bilan borilib ularning holidan xabar olinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Aholi huquqiy savodxonlikni oshirish va firibgarlik, o‘g‘irlik hamda kiberjinoyatchilik qurboniga aylanib qolmaslik yo‘llarini tushuntirish maqsadida 22 nafar qassoblik hamda chorva mollarini tashuvchilik va olib-sotish bilan shug‘ullanadigan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar olib borildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishida 96 nafar qoidabuzar haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 38 ta avtomashina qarzdorligi bo‘yicha jarima maydonchasiga joylashtirildi va 22 100 000 so‘m miqdordagi jarimalar undirildi. Shu bilan birga, haydovchilarga 200ga yaqin targ‘ibot bukletlari tarqatildi.
Ushbu mahallalarda istiqomat qiluvchi 18 nafar muqaddam sudlangan hamda 19 nafar jinoyat sodir etishga moyil va 33 nafar tuman IIB profilaktik hisob va probatsiya nazorati ostida turgan shaxslar bilan ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, kelgusida takroran jinoyat va huquqbuzarliklarni sodir etmaslik bo‘yicha ogohlantirishlar berildi.
Mazkur targ‘ibotlar davomida jami 2300 dan ortiq buklet va profilaktika inspektorlari tashrif qog‘ozlari tarqatildi.
Shu kuni ov quroli egalari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan fuqarolar bilan yakka tartibda profilaktik ishlar olib borilib, jinoyat va huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish, ayniqsa mamlakatimizda aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish borasida profilaktik tushuntirishlar berildi.