Shofirkon tumanning 3 sektor hududida “mahallabay” o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda
Avval xabar berganimizdek, Shofirkon tumani 3 sektoriga qarashli mahallalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan “xonadonbay” yurib aholi muammolarini o‘rganish, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish, kommunal sohalarda aniqlanadigan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish borasidagi ishlar sektor rahbarlari hamda hududlarga biriktirilgan masʼul rahbarlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Dastavval, tuman IIB da tashkil etilgan tezkor shtab xodimlari ishtirokida Yo‘riqnoma o‘tkazilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shofirkon tumani IIB xodimlari, tuman gaz idorasi, elektr tarmoqlari hamda suv oqova bo‘limining dispetcherlik xizmatlariga masʼul xodimlar biriktirilib, fuqarolar tomonidan tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda ro‘yxatga olish jarayoni alohida nazoratga olindi.
Buxoro viloyat IIB masʼullari hamda tuman IIB boshlig‘i tomonidan hududdagi "temir daftar"da turgan fuqarolarning holidan xabar olinib, ularni qiynab kelayotgan muammolar tinglandi.
Suyultirilgan gaz balloniga muhtoj bo‘lgan oilalarning muammolari joyida bartaraf etildi.
Xonadonma-xonadon yurish jarayonida noqonuniy holda o‘rnatilgan gaz so‘rg‘ichlar aniqlanib, mutasaddi tashkilot xodimlari hamkorligida hujjatlar rasmiylashtirildi.
Belgilangan reja grafigi asosida tuman IIB xodimlari tomonidan tumanda mavjud avtomobillarga yoqilg‘i quyish, ayniqsa gaz quyish shaxobchalarida jamoat tartibi saqlanmoqda.
Masʼullar tomonidan hududda mavjud ijtimoiy soha obyektlari hamda xonadonlar ko‘zdan kechirilib, profilaktik ishlar amalga oshirildi.
Aniqlangan muammolar tuman tezkor shtabiga taqdim qilinib, tezkor qarorlar asosida ijobiy yechim topmoqda.
Hududlarda oziq-ovqat yarmarkalari tashkillashtirilib, u yerda sotuvchilar hamda xaridorlar bilan qilingan muloqot davomida aholining qaysi turdagi oziq ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi, narx navolar yuzasidan fikrlari o‘rganildi.
Shofirkon tumanining 3 sektorida o‘rganish ishlari davom etmoqda.