Shofirkonda giyohvandlik moddalari oldi sotdisi bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi
Viloyat bo‘ylab o‘tkazilayotgan "Xavfsiz hudud" keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlar davomida bir qator jinoyat va huquqbuzarliklar fosh etilmoqda.
Jumladan, Shofirkon tumani Pashmon mahallasida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan N.N. 2023 yilning 3 mart kuni bir fuqaroga 500.000 so‘m evaziga qog‘oz o‘ramiga qadoqlangan 1.54 gramm miqdoridagi “marixuana” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
N.N. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida u, ushbu giyohvand moddasini mahalladoshi 1998 yilda tug‘ilgan D.D.dan 500.000 so‘m evaziga sotib olganligi aniqlangan.
Tadbir davom ettirilib, D.D. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu “marixuana” giyohvandlik moddasini u ham o‘zga bir shaxs, yaʼni shu mahallada yashovchi,1999 yilda tug‘ilgan A.S.dan 150.000 so‘mga sotib olganligi aniqlangan.
A.S. bilan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida esa, A.S. ham D.D ga sotgan giyohvandlik moddasini Pashmon mahallasida yashovchi 1975 yilda tug‘ilgan, R.U. dan 120.000 so‘m evaziga sotib olganligi aniqlangan.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davomida R.U. ning yashash xonadonida tintuv tergov harakati olib borilganida, uning yordamchi xo‘jaligidan sof vazni 20.66 grammga teng bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari jarayonida R.U. mazkur giyohvand moddasini yashash xonadonining ekin maydonida yetishtirganligi aniqlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan Shofirkon tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi J.K.ning 270, 273-moddasi 3-qismi va 276-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi JPK.ning 221-moddasi tartibida ushlangan va "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirgi kunda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.