To‘maris izidan: Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan ayol xodimalar o‘rtasida sportning “Ko‘pkurash” turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi
Bugun ayollar jamiyatimizning barcha sohasida bo‘lgani kabi huquqni muhofaza qilish organlarida ham mard o‘g‘lonlarimiz bilan bir safda turib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini himoya qilishda munosib ishtirok etishmoqda. Demakki, ularning jangovar tayyorgarligi ham muntazam nazoratdan o‘tkazib boriladi.
Shu maqsadda, Ichki ishlar organlarida keng miqyosda o‘tkazilgan “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida joriy yilning 10 oktyabr kuni viloyat ichki ishlar organlarida xizmat vazifasini olib borayotgan ayol xodimalar o‘rtasida Kogon tumani “O‘rtacho‘l” hududida joylashgan harbiy dalamaydonida sportning “Ko‘pkurash” turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Mazkur sport musobaqalarini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xodimlar orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, sportni yana-da rivojlantirish va shaxsiy tarkibning jismoniy tayyorgarligini oshirishdan iboratdir.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan musobaqada ishtirokchilar 4 jamoaga bo‘lingan holda, jami 6 shart asosida o‘zaro bellashdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli 1-o‘rinni “Humo” jamoasi, 2-o‘rinni “To‘maris” jamoasi, 3-o‘rinni “Ofitserlar” jamoasi va 4-o‘rinni “Burgutlar” jamoasi egallab, ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.
Buxoro viloyati IIB boshlig‘i birinchiligida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar aʼzolariga boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Umid Utayev tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.