7 Iyul 2022 yil 620

Turkiya milliy politsiya Akademiyasi delegatsiyasi Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi

Turkiya milliy politsiya Akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Fatih Inal boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga qilgan amaliy tashrifi doirasida joriy yilning 6-7-iyul kunlari Buxoro viloyatida ham bo‘lishdi.

Mehmonlarni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev kutib oldi. Delegatsiya rahbari va aʼzolariga Buxoroda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ayniqsa hududiy ichki ishlar organlarini tuzilmasi va asosiy vazifalari, islohot va istiqboldagi rejalar haqida qisqacha so‘zlab berildi.

So‘ng mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi IIV Buxoro akademik litseyida bo‘lib, taʼlim maskanining faoliyati bilan tanishib, litsey qoshidagi “Jasorat” tarixiy muzeyida sayohat qildilar.

Muzeyda viloyat ichki ishlar organlari shakllanishining turli bosqichlari, tizim xodimlarining xizmat kiyimlari, avto va mototransportlar, maxsus vosita va qurollar eksponatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif davomida mehmonlar viloyatning diqqatga sazovor qadimiy manzillari bo‘ylab ham sayohat qilishdi. Jumladan, «Somoniylar maqbarasi», «Ark qo‘rg‘oni», «Poyi kalon», «Labi hovuz» ansambli va “Moxi-xosa” madaniy meros obyektlari hamda «Bahouddin Naqshband» ziyoratgohida bo‘lib, sharif shaharning ko‘p yillik tarixi va qadimiy jozibasiga yuqori qiziqish bildirib, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida eʼtirof etdilar.

Bundan tashqari delegatsiya viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Bunda, mehmonlar boshqarma faoliyati, shaharning qadimiy qismida joylashgan turizm obyektlari bo‘ylab xavfsizlikni taʼminlash bilan bog‘liq xodimlarning ishlash tartibini, kuch vositalarning harakat yo‘nalishlarini chuqur o‘rganib, xodimlarga yaratib berilgan xizmat sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif chog‘ida janob Fotih Inal turizm politsiyasi xodimlari zamonaviy jahon andozalari darajasida jihoz va texnik vositalar bilan taʼminlangani, ular yuqori professional darajada xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Turkiya milliy politsiya Akademiyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Text to speech