5 May 2023 yil 505

O‘g‘irlik: Buxoro tumanida o‘g‘irlik jinoyatini o‘ziga kasb qilib olgan jinoiy guruh fosh etildi

Buxoro tumani IIB tomonidan berilgan maʼlumotga ko‘ra, 2023-yil 29-aprel kuni noma’lum shaxslar tumanning “Madaniyat Rabot” mahallasi Ko‘chki Safed qishlog‘ida yashovchi fuqaro M.S.ning yashash xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 500.000 so‘m naqd pullarini o‘g‘irlagan.

Xuddi shu vaqtda aynan birinchi holatdagi voqea joyiga qo‘shni bo‘lgan fuqaro H.D.ning yashash uyida ham o‘g‘irlik jinoyati sodir bo‘lib, uning xonadonidan 300.000 so‘m pullari hamda 1.500.000 so‘mlik tilla taqinchoqlari o‘g‘irlab ketilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, kechiktirib bo‘lmas tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borildi.

Olib borilgan surishtiruv va tergov harakatlari natijasida ushbu jinoyatlarni Buxoro tumani “Madaniyat Rabot” mahallasida yashovchi voyaga yetmaganlar 2008-yilda tug‘ilgan S.T. va 2008-yilda tug‘ilgan I.S. ismli shaxslar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib sodir qilganliklari fosh etildi va ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruhning viloyatimiz va respublikamizning boshqa hududlarida sodir etilib, fosh etilmasdan qolayotgan shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash borasida tezkor hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Text to speech