Qurbon hayiti munosabati bilan Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar belgilandi
Joriy yilgi Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Buxoro viloyatidagi Qurbon hayiti namozi o‘qiladigan 106 ta jome masjidlari va aholi ko‘p to‘planadigan joylarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarga qulay va xavfsiz harakatlanish muhitini yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Videokonferensaloqa tizimi orqali Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligidan masul biriktirilgan rahbar, viloyat prokurori, Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar hamda Milliy gvardiya boshqarmasi rahbariyati, tuman va shaharlar masʼullari, shuningdek, boshqa barcha taalluqli idoralar masʼullari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda Qurbon hayiti bayrami tadbirlari mobaynida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini, yo‘llarda transport vositalarining erkin harakatlanishini, yong‘in xavfsizligini taʼminlash, tirbandliklarning oldini olish shuningdek, turli texnogen va favqulodda vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.
Mazkur reja ishtirokchilarga taqdim etilib, uning ijrosini taʼminlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, bayram tadbirlari davomida jamoatchilik fikrini hisobga olish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish, fuqarolarning murojaatlari bilan samarali ishlash va ularga o‘z vaqtida munosabat bildirish muhimligi taʼkidlandi.
Barcha shahar va tumanlardagi masjidlar atrofida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, yong‘in xavfsizligi talablariga amal qilish, yong‘inga qarshi texnika va uskunalarning shayligini yana bir bor nazorat tartibida ko‘zdan kechirish bo‘yicha masʼul idoralarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish, aholi o‘rtasida xavfsizlikni taʼminlash va ijtimoiy barqarorlikni saqlash har bir mutasaddi tashkilot vakillarining ustuvor vazifasi ekanligiga alohida urg‘u berildi.