O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Buxoroda xotin-qizlar ijtimoiy muhofazasiga doir o‘rganishlarini olib bordi
Buxoro shahridagi “Monday” dasturlash markazi bilan tanishib, IT sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Buxoro Davlat universitetida ixtirochi, olima ayollar va viloyatda mavjud oliygohlarda tahsil olayotgan ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlar bilan ham muloqot o‘tkazdi.
"Ishga marhamat" monomarkazida migratsiyadan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan, probatsiya va profilaktik nazoratda turgan, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlar bilan uchrashildi.
Jarayonda ushbu xotin-qizlar muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul ham bo‘ldi.
IT Park Buxoro filiali faoliyati hamda IT yo‘nalishda taʼlim olayotgan qizlar bilan bo‘lgan suhbatda IT Park Buxoro filiali tomonidan viloyatdagi ayollar, qizlarni ushbu yo‘nalishda taʼlim olganliklari, ularni ishga joylashgani hamda filial tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda yangi yilda rejalashtirishgan ishlar haqida taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotdan so‘ng hududiy filialda tahsil olayotgan yosh qizlarning amaliy ishlanmalari ko‘rsatildi.
Navbatdagi manzil Buxoro davlat universiteti bo‘ldi. Universitet faollar zalida ixtirochi, olima ayollar va viloyatda mavjud oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba-qizlar bilan muloqot o‘tkazdi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 sentyabrdagi 585-son qaroriga muvofiq talaba xotin qizlarning oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun Tavsiyanomalar taqdim etildi.
Tashrif davomida Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Buxoro shahridagi 1-son umumtaʼlim maktabida shahardagi umumtaʼlim maktablarning rahbarlari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va psixologlari, sog‘liqni saqlash masʼullari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida oila-mahalla-taʼlim hamkorligi, tarbiya masalalari, erta turmush, erta tug‘uruq kabi salbiy holatlarning oldini olish borasida yig‘ilish o‘tkazdi.
VII asrning ikkinchi yarimi, aniqrog‘i, 1670-71 yillarda barpo etilgan Jo‘ybori Kalon madrasasi Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti sifatida 1992 yil 1 sentyabrda faoliyatini boshlab, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga o‘tkazilgan. Mazkur muassasa o‘rta maʼlumotli boshlang‘ich arab tili murabbiysi, diniy maʼrifiy va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari maslahatchisi tayyorlaydi. Ayni paytda u yerda respublikamizning turli viloyatlaridan 75 nafar talabalar tahsil olmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Buxoroga tashrifi doirasida Jo‘ybori Kalon ayol-qizlar islom taʼlim muassasasida bo‘lib, taʼlim dargohining mudarrislari va talabalari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, maʼrifatning taraqqiyotda tutgan o‘rni xususida muloqot o‘tkazdi.