O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Afv” Farmoniga asosan ozod etilgan buxoroliklar muammolari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy 2022-yilning 29-aprel kunidagi 125-sonli “Afv” farmoniga asosan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan 4 nafar buxorolik mahkumlar ham jazodan ozod etildi.
Ushbu shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish maqsadida hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tegishli tashkilotlar tomonidan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, bugun 31-may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, viloyat davlat Soliq boshqarmasi boshlig‘i, viloyat prokurori o‘rinbosari hamda viloyat hokimi o‘rinbosari va boshqa mutasaddilar ishtirokida viloyat 3-sektor shtabi binosida afv etilgan fuqarolar bilan uchrashib, ularni uy-joy va ish bilan taʼminlash, salomatligini tiklash hamda boshqa mavjud muammolarini hal etish borasida yuzma-yuz muloqot qildilar.
Uchrashuv davomida ularning kelgusidagi maqsad va rejalari o‘rganilib, bildirgan muammoli masalalari bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi va mutasaddilarga manzilli topshiriqlar berildi.