22 Fevral 2023 yil 441

Vazir o‘rinbosari Vobkent tumanida aholi muammolarini aniqlash va hal etish, oziq-ovqat taʼminoti hamda hududning kriminogen vaziyatiga taʼsir etuvchi boshqa ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan joyida tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov boshchiligidagi masʼullar Vobkent tumani Markaziy dehqon bozorida bo‘lib, bu yerda savdo va sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi, narx-navoni sunʼiy oshib ketishiga sabab bo‘luvchi omillar o‘rganilib, zaruriy tavsiyalar berildi. Savdo va xizmat ko‘rsatish xodimlari bilan suhbat jarayonida ularning mavjud muammo va takliflari eshitildi.

Shuningdek, tuman zaxira omborxonasida kundalik oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar yaqindan o‘rganilib, ehtiyoj mollarining qo‘shimcha zaxirasini yaratish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shu kuni tumandagi «Charmgaron» mahallasi hamda mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi Huquq-tartibot maskaniga ham borilib, undagi “beshlik” faoliyati bilan yaqindan tanishildi va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Jarayonda aholi muammolariga yechim topish, ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlash, hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirib jinoyatchilikni oldini olish borasida tavsiyalar berildi.

O‘rganishlar davomida respublika ishchi guruhi aʼzolari Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limida ham bo‘lib, tumanda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yosh avlodni yana-da rag‘batlantirish yuzasidan yaratilayotgan qulay imkoniyatlar bilan ham tanishishdi.

Vazir o‘rinbosari tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi keng ko‘lamli ishlar bilan ham yaqindan tanishib, hududda faoliyat olib borayotgan tola klasteri, uning imkoniyatlari, kelgusidagi rejalar, ishlab chiqarish ko‘lami va sifatini oshirish, bunda ip-kalavalarining eksporti bilan bog‘liq muammolarni ham o‘rganib, tuman mutasaddilariga o‘zining bir qator tavsiyalarini berdi.

Tashrif yakunida, vazir o‘rinbosari tuman Ichki ishlar bo‘limiga ham borib, bu yerda aholi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, sohada 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlili bilan tanishib, xodimlar bilan xizmat intizomini mustahkamlash va qonuniylikka amal qilishga doir yo‘riqnoma o‘tkazib, o‘zining bir qator topshiriq va ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.

Text to speech