Viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumani olis mahallarida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi
Davlatimiz rahbarining “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan tasdiqlangan grafik asosida bugun, 9-iyun kuni viloyat 3-sektoriga qarashli G‘ijduvon tumannining olis mahallalarida viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Mirjamol Miralimov va tuman hokimi, boshqa mutasaddilar ishtirokida hududda istiqomad qiluvchi yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishlari, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda katta ahamiyat etgan masʼul mutasaddilarning kelajak avlod vakillari bilan uchrashuvi tabiat qo‘ynida ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tkazildi.
Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 3-sektor rahbari polkovnik Mirjamol Miralimov hamda tumani hokimi 3-sektor hududiga qarashli mahallalar yoshlarining muammo, taklif va murojaatlariga quloq tutdi.
Sektor rahbari tomonidan yoshlarga ertangi kunga ishonch bilan qarash, o‘z kuchi va bilimi bilan jamiyat uchun foydali kadr bo‘la olish taʼkidlandi. Rasmiyatchilikdan xoli tarzda o‘tkazilgan uchrashuv yoshlarning o‘z muammo va takliflarini bildirishda erkin minbar vazifasini o‘tadi. Ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy yordam, kredit olish kabi murojaat va takliflari tinglandi.
Uchrashuv davomida asosiy eʼtibor, yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar va murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, ularning yechimi yuzasidan tegishli mutasaddilar hamda tumani sektor rahbariga ko‘rsatmalar berildi.
Shu kuni viloyat 3-sektor rahbari “fuqarobay” tizimi asosida kam taʼminlangan, ehtiyojmand aholining muammolarini o‘rganib bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratdi. Tumanning “G‘ishti” mahallasi hududida istiqomat qiluvchi aholini arzon hamda sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil qilindi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni yana-da qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida 23 nafar kam taʼminlangan oilalar vakillari holidan xabar olinib, moddiy yordam tarzidagi bir martalik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
Sektor rahbari tashabbusi bilan ushbu mahallada bandligi taʼminlanmagan aholi uchun mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda 10 ga yaqin davlat hamda xususiy sektor korxona va tashkilotlar vakillari o‘zining bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Jarayonlarda 32 nafar bandligi taʼminlanmagan yosh doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi, 12 nafar yoshga 126 bosh naslli chorva mollari, 17 nafar xotin-qizga esa zamonaviy tikuv mashinalari imtiyozli kredit asosida ajratilishi taʼminlanib, ularning doimiy daromad manbayiga ega bo‘lishi uchun zamin yaratildi.
Nogironligi bo‘lgan 2 nafar yoshga nogironlik aravachasi yetkazib berildi. Mahallaning tibbiy ko‘makka muhtoj aholisi tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tavsiyalar va bepul dori-darmonlar berildi.
Tadbir yakunida, tuman Madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan konsert dasturi tashkillashtirilib, mahalla aholisiga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.