23 Dekabr 2024 yil 2117

Viloyat hududida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz hudud-dolzarb 50 kunlik” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari davom etmoqda

Xabaringiz bor, ayni kunlarda butun respublikada bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Xavfsiz hudud” maxsus tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbirga ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda jamoatchilik vakillari jalb qilindi.

Tadbirni samarali o‘tkazish maqsadida 544 ta mahallalarda jami 1 356 ta patrullik yo‘nalishlari tashkil etildi.

Tuman(shahar)lardagi jami barcha obyektlar tekshirilib, shundan: ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar va hovlili uylar tekshirildi.

Shuningdek, mehmonxona va yotoqxonalar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari o‘rganildi.

Tadbir davomida barcha turda 18 075 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlanib, javobgarlikning muqarrarligi taʼminlandi.

Shu jumladan,

641 ta mayda bezorilik, 605 ta jamoat joyida spirtli ichimlik isteʼmol qilish,

75 ta mayda tashmachilik, 20 ta voyaga yetmaganlarni tungi vaqtlarda ko‘ngilochar maskanlarda nazoratsiz qoldirilganligi, 33 ta xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga nisbatan choralar ko‘rilishi taʼminlandi.

Tungi vaqtlarda belgilanmagan joylarda yoki bemaqsad yurib fuqarolar osoyishtaligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar ichki ishlar organlari va tayanch punktlariga olib kelinib, tezkor-profilaktik ishlovlar o‘tkazildi.

273 nafar nazoratsiz yurgan voyaga yetmaganlar ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.

58 nafar yashash va ish joyi noaniq shaxslar Reabilitatsiya markaziga joylashtirildi.

Spirtli ichim va giyohvandlikka ruju quygan shaxslar, tajovuzkor ruhiy kasallar bilan ham manzilli ishlar olib borilib, sog‘liqni saqlash muassasalariga joylashtirildi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan 56 nafar jinoyat sodir etib jazodan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslar ushlandi.

“Xavfsiz hudud” maxsus tezkor-profilaktik tadbirini o‘tkazish davomida ilgari sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishini oldini olish maqsadida muqaddam sudlanganlar yashash manzilidan tekshirilib, maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi shaxslarga nisbatan maʼmuriy nazorat o‘rnatildi.

Jarayonda, maʼmuriy nazorat qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan ham choralar ko‘rildi.

Xotin-qizlarning haq-huquqlarini taʼminlash maqsadida, zo‘ravonlikdan jabrlangan va tazyiqqa uchragan 320 nafar xotin-qizlarga “himoya orderi” rasmiylashtirildi.

Jinoyatchilik xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga 877 ta kuzatuv kamerasi hamda xonadon va obyektlarga 540 ta yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Targ‘ibot ishlari natijasida 166 ta ijtimoiy soha obyektlari hamda 201 ta xonadonlar qo‘riqlash pultiga ulandi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida mahallalarda, korxona, tashkilot va o‘quv muassasalarida 8 329 marotaba ogohlik va xavfsizlik borasidagi hamda boshqa dolzarb mavzularda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Ushbu yo‘nalishda profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Text to speech