25 Avgust 2022 yil 465

Viloyat 3-sektor rahbarining navbatdagi sayyor qabuli Buxoro tumani Yangiobod mahallasida oʻtkazildi.

Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev, viloyat hokimi va Xalq qabulxonasi tomonidan tasdiqlangan reja asosida bugun, 25-avgust kuni Buxoro tumani “Yangiobod” mahallasi aholisi bilan sayyor qabul oʻtkazdi.

Mahallada faoliyat olib borayotgan “YURUNBOLO” madaniyat markazi binosida oʻtkazilgan sayyor qabulda tuman hokimi va sektor rahbarlari, viloyat va tuman 3-sektor ishchi guruhi aʼzolari, boshqa taalluqli idoralar masʼullari ishtirok etdilar.

Qabulda koʻtarilgan 15 dan ortiq fuqarolarning 20 dan ortiq ichimlik suvi, ichki yoʻllarni asfaltlashtirish yoki shagʻallashtirish, elektr energiyasi va gaz taʼminotini yaxshilash, kasbga yoʻnaltiruvchi qisqa muddatli oʻqishga joylashish hamda imtiyozli kredit mablagʻlarini olishda amaliy yordam berish bilan bogʻliq turli ijtimoiy-iqtisodiy murojaatlari birma-bir koʻrib chiqildi.

Murojaatlarning aksariyati joyida bartaraf etilib, mahallada “sohabay”, “mahallabay” va “fuqarobay” ish samaradorligini oshirish, aniqlangan ijtimoiy masalalarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari va tegishli idoralar masʼullariga topshiriqlar berildi.

Ish yurituviga olingan, qoʻshimcha oʻrganishni talab qiladigan murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olinib, mutasaddilarga har bir yoʻnalish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Boshqarma boshligʻi aholi bilan muloqotda bildirilgan taklif va mulohazalar, koʻtarilgan muammolar asosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, mahallalarda yangi ish oʻrinlarini yaratish, asosan “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga kirgan, shuningdek ishsiz fuqarolarni doimiy ish bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Sayyor qabulda ishtirok etgan mahalla faollari prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi isbotini oʻz hayotlarida, mahallada amalga oshirilgan keng koʻlamli qurilish taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarida his etganliklarini mutasaddilarga mamnunlik bildirishdi.

Text to speech