Viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro tumanida faoliyat olib boruvchi profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan profilaktika inspektorlarining ish faoliyati va oilaviy sharoitlaridagi mavjud muammolarini o‘rganish masalasiga eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlab o‘tilgan edi.
Davlat rahbarining joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida ham “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, bu borada kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilash kerakligi to‘g‘risida topshiriqlar berilgan edi.
Shunga ko‘ra, viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro tumanidagi mahallalarda faoliyat olib boruvchi profilaktika inspektorlari bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda tartib-intizom, qonunlarga hurmat, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarurligi, jinoyatchilikni mahallalarda jilovlash, profilaktika inspektorining ishini yengillashtirish bilan birga ish natijadorligini oshishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida viloyat hokimi har bir profilaktika inspektori bilan suhbatlashdi va ularni qiynab kelayotgan tizimli muammolarni o‘ziga qayd etib, ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalarni birma-bir muhokama qilib, masʼullarga muddatlari aniq belgilangan manzilli topshiriqlar berdi.
Bu kabi muloqotlarning viloyatdagi barcha shahar-tumanlarda tasdiqlangan grafik asosida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.