Viloyat ichki ishlar boshqarmasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha «fuqarobay» ishlashning Buxoro tajribasi muhokama qilindi
Bugun, 1-aprel kuni Buxoro viloyati IIBda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektor rahbarlari, tegishli mutasaddi idoralar masʼul rahbarlari ishtirokida mahallalar kesimida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha «fuqarobay» ishlashning Buxoro tajribasi yuzasidan tayyorlangan taqdimot o‘tkazildi.
Jarayonda, hududlarning kriminogen vaziyatiga taʼsir qilayotgan shart-sharoit va omillar, umumiy, maxsus va yakka tartibda, shuningdek, kompleks yondashuv asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, salmog‘i yuqori bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda maxsus kontingent bilan ishlash, bunda aholini qiynab kelayotgan muammolar va mahallalardagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni «fuqarobay» o‘rganish, ularga zudlik bilan yechim topish, vaqt yoki mablag‘ talab qilinadigan murojaatlarni alohida nazoratga olish hamda kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rish to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shuningdek, mazkur tajribaning aynan bir mahalla misolidagi tahlillari monitoring qilinib, erishilgan ijobiy natijadan kelib chiqib, ushbu tajribani viloyatning barcha hududlarida bekamu ko‘st joriy etish kerakligi borasida tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Kun tartibiga qo‘yilgan ikkinchi masala, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Yoshlar siyosati va sport vazirliklarining “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorining mazmun-mohiyatini hamkor tashkilotlar mutasaddi rahbarlariga yetkazish, ushbu qarordan kelib chiqqan vazifalar ham birma-bir muhokama qilindi.
Bundan tashqari Ichki ishlar boshqarmasida yangidan tashkil etilishi nazarda tutilgan "Yagona tezkor boshqaruv markazi" ni qurish uchun mo‘ljallangan bino, undagi imkoniyatlar, mazkur yo‘nalishda Toshkent shahri misolida amalga oshirilgan ijobiy tajriba muhokama qilindi va manzilli chora tadbirlar belgilandi.
Ko‘rib chiqilgan har bir masala yuzasidan viloyat hokimligining qarorlarini ishlab chiqish, zudlik bilan masalalarga doir texnik imkoniyatlarni loyihalashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.