Viloyat IIB masʼullari tomonidan G‘ijduvon tumani mahalla yoshlar yetakchilari va maktabgacha taʼlim sohasi xodimlari ishtirokida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi
Bugun, 13-may kuni viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev boshchiligidagi viloyat IIB masʼullaridan iborat yig‘ma otryad ishtirokida G‘ijduvon tumanidagi 75 ta MFY yoshlar yetakchilari bilan hududda yoshlar, ayniqsa voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga doir profilaktik targ‘ibot uchrashuvlari tashkil etildi.
Yig‘ilishda qo‘shma qarorda belgilangan vazifalar, tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar ijrosini taʼminlash, yoshlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi yoshlarning muammolarini yaqindan o‘rganib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ularni ijobiy hal etish lozimligi taʼkidlandi.
Jumladan, profilaktik hisobda turgan yoshlar tomonidan qayta huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishining oldini olish ushbu ayollar bilan doimiy ravishda profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar belgilash, mavjud muammolarining bartaraf etilishiga alohida ahamiyat qaratish kerakligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, mahallalarda “xonadonbay” va “fuqarobay” ish tizimini samarali tashkil etib, shu asosda har bir yosh bilan individual tartibda ishlash orqali, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishni tushuntirish to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shu kuni tumandagi 8-son umumtaʼlim maktabida tuman XTBga qarashli Maktabgacha taʼlim tashkilotlari masʼullari ishtirokida ham uchrashuv o‘tkazilib, soha xodimlari tomonidan sodir etilgan tamagirlik, poraxo‘rlik, tovlamachilik va firibgarlik kabi korrupsion jinoyatlar, ularning huquqiy oqibatlari, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ko‘rilgan qonuniy choralar bilan bog‘liq holatlar tahlil qilindi.
Targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olib, ularga huquqiy maslahatlar berildi.