Viloyat IIB tomonidan soha xodimlari ishtirokida sportning sambo turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi
Keyingi yillarda ichki ishlar organlari xodimlarining jangovar va jismoniy tayyorgarliklarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ichki ishlar Vazirligining “Ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy-psixologik tayyorgarligini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi tegishli buyrug‘iga asosan ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, Buxoro viloyat ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi bilan doimiy tarzda sport musobaqalarini o‘tkazish belgilangan.
Jumladan, bugun, 14-mart kuni xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish, ommaviy sportni yana-da rivojlantirish maqsadida “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan sportning “Sambo” turi bo‘yicha “Boshqarma boshlig‘i kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xizmat sohalari va uning hududiy organlarining 75 nafar xodimlaridan tashkil topgan 15 ta jamoa 64, 71, 79, 88, 98 va +98 kg vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdilar.
Murosasiz kechgan bahslarda faxrli 1-o‘rinni Patrul-post xizmati batalyoni terma jamoasi egallagan bo‘lsa, 2-o‘rin Jondor tumani IIB hamda 3-o‘rin Qorako‘l tumani IIB jamoasiga nasib etdi.
Sport bahslarida tengsiz deb topilgan xodimlar va g‘olib jamoalar boshqarma boshlig‘ining kubogi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Kelgusida xodimlar o‘rtasida bu kabi sport musobaqalarini muntazam o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.